среда, 18 сентября 2013 г.

Bir kelib keting Payariq tomonga

Bugun viloyatimizning nafaqat shahar, qaysi bir tuman yoki qishlog‘ida bo‘lmang keng miqyosdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotganligini ko‘rasiz. Ayniqsa, tuman markazlarida barpo etilayotgan bir-biridan ko‘rkam va zamonaviy inshootlar bu erda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizga qulaylik yaratish bilan birga, ularning madaniy xordiq chiqarishlari uchun sharoitlar yaratmoqda. Payariq tumanida yangi istirohat bog‘ining ochilishi ham tuman ahli quvonchiga sabab bo‘ldi.

Prezidentimiz aytganidek, obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Ko‘ngli obod inson o‘z yurtini bog‘u bog‘zorga, gulu gulzorga aylantiradi. Bugun Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan har qanday inson bunga ishonch hosil qiladi. Bu qadim yurtda ko‘ngli obod, bunyodkor odamlar yashamoqda, mehnat qilmoqda, kelajak poydevorini qo‘ymoqda. Shuni alohida faxr ta’kidlab o‘tish lozim, o‘tgan yillar davomida Samarqandda yaratuvchanlik va ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Natijada viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham bu boradagi ishlar ko‘lami kengayib, tuman markazlari hamda qishloqlar tobora ko‘rkam qiyofa kasb etib bormoqda. Viloyatning Payariq tumanida ham ijobiy ishlar bajarilmoqda. Eng ulug‘ va eng aziz bayram — Vatanimiz mustaqilligining 22 yillik shodiyonalari kunlarida tuman markazida istirohat bog‘i aholi ehtiyoriga topshirildi. Bir vaqtlar qarovsiz va xarob holda yotgan ushbu maskan bugun har kimning havasini keltiradi, qaragan odamning ko‘ngli yori¬shadi. Ayniqsa, bu erda kamalakrang jilolanadigan musiqali favvora ishga tushirilishi istirohat bog‘ining ko‘rki va chiroyini yanada oshirdi. «Yoshlar bog‘i» deb nomlangan mazkur maskanda rangbarang jilolanuvchi musiqali favvoraning ish boshlagani esa tuman aholisiga chinakam bayramona tuxfa bo‘ldi. Ayniqsa, kichkintoylar uchun shunday maskanlarda maroqli va mazmunli hordiq chiqarishning gashti o‘zgacha. Tuman hokimining bevosita tashabbusi bilan yangi tashkil etilgan «Yoshlar bog‘i» va musiqali favvora ana shu jihatlari bilan barchaga manzur bo‘lmoqda. Zamonaviy qulayliklarga ega yangi istirohat bog‘ining ishga tushirilishi istiqlol bergan imkoniyatlarning yorqin ifodasidir. Shuningdek, istirohat bog‘ida Yoshlar markazi binosining qurib foydalanishga topshirilishi, tuman yoshlari uchun haqiqiy yangilik bo‘ldi. Endilikda yoshlar ushbu markazda turli to‘garaklarga a’zo bo‘lishib bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Uch gektardan iborat bog‘da mingga yaqin manzarali daraxtlar ekildi. Yoshlar bog‘i va musiqali favvoraning ochilishi mustaqilligimizning yigirma ikki yilligi bayramiga tuhfa bo‘ldi. Istirohat bog‘ining ochilishi marosimi ham ko‘tarinkilik ila o‘tkazildi. Bog‘ning ramziy kaliti Kamolot YoIH Payariq tuman Kengashi raxbariga tantanali suratda topshirildi. Qayd etish joiz, istiqlol bergan keng imkoniyatlar tufayli Payariq tumanida ham aholi farovonligi, uning real daromadlarini oshirish, bandlik masalalarini echish, qishloqlarda kichik biznesni rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikka keng sharoit yaratish va tegishlicha ko‘mak berish maqsadida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Musiqali favvoraning bunyod etilishida texnika fanlari doktori, professor O‘tkir Soatov va quruvchi Shavkat Rayimqulovlar boshchiligidagi ishchi – xizmatchilar uch oy davomida jonbozlik ko‘rsatdilar. Loyiha muallifi esa Samarqand arxitektura va qurilish institutining magistranti Akmal Soatovdir. Favvora mustaqillik bayramiga tumanlik aholi uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Darhaqiqat, so‘lim gulzoru yashil maysazorlar, musiqali favvora bog‘ning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi bilan birga, yozda harorat mo‘‘tadilligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Favvoraning xususiyati shundaki, ashula va musiqa sadosi suvning mavjlari bilan hamohang bo‘ladi. Uning suv hajmi 30 metr kub, diametri 13 metr. Favvora atrofida zamonaviy chiroqlar o‘rnatilgan bo‘lib ular 27 xil rangda jilolanadi. Mumtoz va zamonaviy ashulalarga hamohang tarzda ko‘kka ko‘tarilayotgan shalolar kamalak misol nur sochmoqda. Uning atrofida sho‘x-shodon o‘ynab yurgan bolajonlar quvonchi esa bir olam. Shuni alohida ta’kidlash joiz, bugun Payariq tumanining Chelak shaharchasida ham istirohat bog‘i bir paytning o‘zida obodonlashtirilmoqda. Mazkur obe’ktlarda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlariga homiy tashkilotlar hamda tadbirkorlar tomonidan 5 mlrd sumga yaqin mablag‘ jalb qilingan. «Yoshlar bog‘i» oilalarning sevimli dam olish maskani hamda bolalar va yoshlar uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan joyga aylanadi. Hozirda «Yoshlar bog‘i»ga xorijdan zamonaviy attraksionlar keltirilib o‘rnatilmoqda.



Комментариев нет:

Отправить комментарий