Mo‘jizaviy
shaharning bugungi tarovati "Samarqand shahri tekis erda joylashgan bo‘lib,
atrofi qum tepaliklar va jarliklar bilan qoplangan. Shahar tevaragida ko‘plab uy-joylar,
uning atrofini butunlay bog‘ va uzumzorlar qoplab olgan… Bog‘larning oralarida ko‘chalar,
orombaxsh maydonlar bor… Bu shahar va uning atrofidagi erlar shunday to‘kin-sochinki,
hayron qolmaslik mumkin emas”.
Ispan elchisi Klavixo o‘z esdaliklarida Samarqand
ta’rifini shu tariqa bayon qilgan edi. Darhaqiqat, o‘tmish me’morchiligining noyob
namunasi bo‘lmish Samarqand shahriga har qancha yuksak ta’rif loyiq. Bugungi kunda
shaharda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, asosiy ko‘chalarda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari natijasida,
shaharsozlik qoidalari asosida milliy va zamonaviylikni o‘zida mujassam etgan bino
va inshootlar qad rostladi. Shahardagi tarixiy obidalar va ularning atrofida ham
keng ko‘lamdagi rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ularning
atrofidagi arxitektura talablariga javob bermaydigan eski binolar olib tashlanib,
pana-pastqam qurilishlar o‘rnida xushmanzara xiyobonlar, sayilgohlar paydo bo‘ldi.
Eng muhimi, so‘nggi yillarda Samarqand qiyofasining tubdan o‘zgarishida shaharning
landshaft arxitekturasi o‘ziga xos maktab sifatida shakllandi. Ko‘kalamzorlashtirishda
asosiy tamoyil – qayerga qanday daraxt, buta, gul yoki maysa turini, qancha miqdorda,
qanday usulda, ya’ni manzaraviy landshaft kompozitsiyasi asosida ekish lozimligiga
asosiy e’tibor qaratildi. Bu yumushlarda hudud ekologiyasi, xususan, havoning tozaligini
ta’minlash ham nazardan chetda qolmagan. Samarqand shahri landshaft arxitekturasi
amaliyotida an’ana tusiga kirib borayotgan yana bir yangi yo‘nalish borki, bu haqda
to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Ya’ni, shahar qiyofasiga sirlilik, o‘zgacha fusunkorlik
baxsh etish maqsadida badiiy hunarmandchilik elementlarining ochiq muhitlar arxitekturasi
va landshaft kompozitsiyalari bilan uyg‘unlashtirilayotganidir. Darhaqiqat, keyingi
yillarda xalq hunarmandchilik namunalaridan landshaft arxitekturasi va dizaynida
samarali qo‘llanish rusum bo‘lmoqda. Shaharning aksariyat xiyobon, jamoat binolari
atrofi, ko‘chalar bo‘ylarida turli materiallardan tayyorlangan haykaltaroshlik namunalari,
ulkan dekorativ kulolchilik kompozitsiyalari bundan dalolat beradi. Umuman, bugun
Samarqandga kelgan kishi borki, shaharni yayov kezsam deydi. Chunki, er yuzining
sayqali bo‘lmish Samarqandda amalga oshirilgan ulkan ishlardan ko‘ngillar yayrab,
bunyodkorlik, yaratuvchanlik natijalaridan qalblar g‘ururga to‘ladi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий